Yakutiya Haqida

Saxa Respublikasi (Yakutiya) Evroosiyoning shimoliy-sharqiy qismida joylashgan va Rossiya Federatsiyasining eng yirik hududi hisoblanadi. Yakutskdan Moskvagacha boʻlgan masofa 8468 km tashkil etadi. Respublika hududi shimoldan janubga qadar 2500 kilometr va gʻarbdan sharqqa esa 2000 kilometr masofaga choʻzilgan. Saxa Respublikasining maydoni 3083,5 ming kvadrat kilometrni tashkil qiladi.

Yakutiyaning tabiiy-iqlim sharoiti ekstermal hisoblanadi. Yakutiya sayyoramizning eng sovuq mintaqalardan biridir. Yakutiya iqlimi keskin kontinentaldir. Qish oktyabrdan aprelgacha davom etadi, yoz esa qisqa – iyun oyining oʻrtalaridan avgust oyining oʻrtalariga qadar. Yanvar oyida harorat -28°C dan -50°C gacha tashkil etadi. Verxoyansk va Oymyakon hududlarida Shimoliy yarim sharning sovuq qutbi joylashgan, bu erda qishda harorat -70°C gacha va undan pastroqqa tushadi.

Davlat tillari: yakut va rus tillaridir. Yakutiya – Rossiya Federatsiyasining uchta mintaqaviy soat qoʻllaniladigan yagona subʼyekti hisoblanadi, bu erda Moskva vaqti bilan farq +6, +7, +8 soatni tashkil etadi.

Respublika oʻz ichiga 36 ta munitsipal tuzilmalarni qamrab olgan: 34 ta munitsipal tumanlar va 2 ta shahar okrugi. Munitsipal tumanlar tarkibiga, oʻz navbatida, shahar va qishloq aholi punktlari (nasleglar) kiradi, nasleglarning umumiy soni 365 tani, shu jumladan 31 ta milliy tashkil etadi.

Saxa (Yakutiya) Respublikasining poytaxti – Yakutsk shahridir. U 1632 yilda barpo etilgan. Yakutiyada 129 millat vakillari yashaydi. Ulardan yakutlar 49,9%, ruslar – 37,8%, ukrainlar – 2,2%, evenklar – 2,2%, evenlar – 1,6%, tatarlar – 0,9% ni tashkil qiladi. Respublikada oʻzining madaniy xususiyatlarini, tili va anʻanalarini qoʻllab-quvvatlash hamda saqlab qolish maqsadida “Saxa Respublikasining (Yakutiya) xalqlari assambleyasi” jamoat harakatiga birlashgan 70 dan ortiq milliy va madaniy tashkilotlar faoliyat koʻrsatmoqda.

Yakutiya tarixidagi yangi bosqich 1990 yil 27 sentyabrda Respublika aholisining faol qoʻllab-quvvatlashi bilan Davlat suvereniteti toʻgʻrisidagi Deklaratsiya eʼlon qilingandan soʻng boshlandi. 1991 yil oktyabr oyida Respublika Prezidenti lavozimi taʼsis etildi. 1991 yil dekabr oyida birinchi prezident Mixail Efimovich Nikolaev boʻldi. Shu vaqtda Yakut ASSR oʻzining zamonaviy nomini oldi, yaʼni Saxa Respublikasi (Yakutiya).

Aysen Sergeevich Nikolayev 2018 yil 27 sentyabrdan boshlab Saxa Respublikasining (Yakutiya) rahbaridir.

Saxa Respublikasi (Yakutiya) ulkan salohiyatga ega va odamlar uchun farovon hayot qurish uchun zarur boʻlgan barcha narsalarga ega – boy tabiiy resurslar, uzoq muddatli strategik rivojlanish rejalari, barqaror ijtimoiy vaziyat, tabiiy oʻsishning ijobiy dinamikasi, aholining yuqori bilim va taʼlim darajasi, hamda iqtisodiy faol mehnat resurslari.

Yakutiyada butunrossiya davlat va rasmiy bayramlaridan tashqari respublika davlat bayramlari ham nishonlanadi:

– 27 aprel – Saxa respublikasi kuni (Yakutiya);

– 21 iyun – Isiax milliy bayrami;

– 27 sentyabr – Saxa (Yakutiya) Respublikasining davlatchilik kuni.